Chet tillarni o‘qitishning integrallashgan kursi fani amaliy fan bo‘lib uning asosiy maqsadi til ko‘nikmalarini integrallashgan holda o‘qitish uslublarining afzalliklari haqida ma'lumot berish, talabalarni kelgusi kasbiy faoliyatlarida darsni shu usulda tashkil etishga yo‘naltirish va ularga auditoriyada o‘rgatilayotgan chet tilidan asosiy aloqa vositasi sifatida samarali foydalanish, kasbiy ixtisoslashuvini rivojlantirishdir. 4 kursda talabalarga ushbu aspektning “Auditoriyani o‘rganish (tadqiq etish)”, “Til bo‘yicha bilimlarni baholash turlari va mezonlari”, “Turli yoshdagilarga chet tilini o‘qitish”, “Maxsus yo‘nalish (soha)larda chet tilini o‘qitish” modullari o‘qitiladi.

O‘qish va yozish amaliyoti fani talabalarga o‘rganilayotgan chet tilida o‘qish va yozish mahoratini o‘rgatishni nazarda tutadi. Mazkur fan doirasida talabalar Yevropa Kengashining “Chet tilini egallash umumevropa kompetensiyalari: o‘rganish, o‘qitish va baholash” to‘g‘risidagi umume'tirof etilgan xalqaro me'yorlari (CEFR) ga ko‘ra B1 va S1 darajaga mos keladigan mavzularga oid turli matn turlarini o‘qib, mazmunini tushunishlari va CEFR B2-C1 darajasi talabiga javob beruvchi turli matnlarni yozishni o‘rganadilar. Ushbu fan talabalarga 1- 8 semestrlar davomida mavzular va modullar ketma ketligigiga amal qilingan holda o‘qitiladi. 4 kursda talabalarga “O‘qish va yozish” tarkibidagi “Ilmiy yozuv” moduli o‘qitiladi.

"Qiyosiy tipologiya" fani talabalarning til nazariyasi va uning jihatlari bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarini oshirishga xizmat qiladigan mutaxassislikdir. Ushbu fan bakalavriatda o‘qitiladi va tilshunoslikning nazariy fanlari qiyosiy analitik asoslarini o‘z ichiga oladi va taqqoslanadigan tillarning farqlari va o‘xshashliklarini aks ettiruvchi ko‘nikmalarni qo‘llashda muhim rol o‘ynaydi. Qiyosiy lingvistika sohasida olingan bilimlar o‘quv jarayonida tilning amaliy ko‘nikmalarini oshirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.